| Fanni oʻqitishdan maqsad | mamlakatimizning mustaqillikka erishgan 1991-yildan boshlab hozirgi kungacha boʻlgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va madaniy hayotida roʻy bergan tub oʻzgarishlarni chuqur ilmiy asosda oʻrganish, ularni tahlil qilish va yosh avlodga toʻgʻri yetkazishdan iborat. Bu fan orqali oʻquvchilarda tarixiy xotirani mustahkamlash, milliy gʻurur, oʻzlikni anglash va Vatanga sadoqat ruhini shakllantirish maqsad qilinadi. Oʻzbekiston qanday qilib oʻz siyosiy mustaqilligini qoʻlga kiritgani, konstitutsiyaviy islohotlar, davlat boshqaruv tizimining shakllanishi, bozor iqtisodiyotiga oʻtish, tadbirkorlikni rivojlantirish, milliy valyutaning joriy etilishi kabi yutuqlar keng yoritiladi. Shu bilan birga, mustaqillik yillarida milliy qadriyatlar, til, din va madaniyatning tiklanishi, taʼlim va fan sohasidagi islohotlar ham ushbu fan doirasida oʻrganiladi. Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni, tashqi siyosatdagi faoliyati, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi haqida ham talabalarga keng tasavvur beriladi. Mazkur fan yoshlarning tarixiy ongini shakllantirish, ularni mustaqil fikrlovchi, vatanparvar va faol fuqarolar etib tarbiyalashda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Shu jihatdan, Oʻzbekistonning eng yangi tarixi fani nafaqat oʻtmish va bugunni oʻrgatadi, balki kelajak avlodni ongli ravishda taraqqiyot yoʻlida faol ishtirok etishga tayyorlaydi. |